Har qanday yangi jamiyatga moslashish to’rt bosqichdan iborat bo’ladi. Ishonchim komilki, xorijda o’qigan barcha talabalar yoki migrantlar bu bosqichlardan o’tgan yoki o'tishmoqda, shuningdek, endi o’qimoqchi bo’lganlar ham bularga tayyor bo’lishlari kerak.
Birinchi bosqich bu “asal oyi” (Honeymoon). Ushbu bosqichda siz ko’chib kelgan davlat va jamiyatdagi barcha yangi tushunchalar, yangi til, boshqacha dunyoqarash, butunlay o’zgacha turmush tarzi sizni qoyil qoldiradi; yangi do’stlar orttirish, umringizda ko’rmagan taomlarni tatib ko’rish, o’sha joy tarixi, arxitekturasi va san’atini o’rganish sizni qiziqtiradi; yangi madaniyatning o’ziga xos jihatlaridan hayratga tushasiz (culture shock). Umuman olganda, yangi joydagi har bir yangi jihatni o’zingiz uchun kashf etayotganingizdan zavqlanasiz.
Bu bosqichda sizga deyarli hamma narsa yoqadi. Shuning uchun bu davr “asal oyi” deb ataladi:).
Ikkinchi bosqichda “asal oyi” tugab, siz o’zingiz ko’nikkan eski muhit (yurtingiz, oilangiz)ni qo’msay boshlaysiz. Bu bosqichda endi sizga boshida yoqimli tuyulgan narsalar yoqmaslikni boshlaydi, til va madaniyatdagi farqlar endi asabingizga tegishni boshlaydi. Hech narsadan ko’nglingiz to’lmay, sizni qayg’u, shubha, havotir, qo’rquv va hattoki jahl hissiyotlari chulg’ab oladi. Sizni doimiy ravishda “Nega buyoqlarga keldim? Menga shular kerakmidi o’zi? Tinchgina oilam va do’stlarim davrasida yursam bo’lmasmidi?” kabi savollar ta’qib qilaveradi. Hatto doimiy g’azablanish va depressiyadan xayol parishon ham bo’lib qolarkansiz. O’zim shu bosqichda uyimning kalitini ikki marta yo’qotib qo’yib zo’rg’a topganman, O’zbekiston ID kartasi, haydovchilik guvohnomam, bank kartalarim solingan karmonchamni yo’qotib qo’yganman. Xullas, bu bosqich yangi hayotning eng qiyin davri (Crisis) hisoblanadi. Bu bosqich inson irodasi va sabriga bog'liq ravishda turlicha muddatda davom etadi. Ba’zilar ushbu davrdayoq Vatanga qaytadi va unda chet el xotirasi ularga, asosan, og’riqli bo’lib qoladi. Bu bosqichdan o’tish uchun siz turli manbalar orqali miyangizda yig’ilgan stereotiplarga tasdiq qidirishni to'xtatishingiz kerak. Shunda yangi jamiyatda ham siz kabi qadriyatga egalar talaygina ekanligini ko’ra boshlaysiz hamda og’riqlar sal kamayadi va sekin-asta “yangi uy"ingizga ko'nikishni boshlaysiz.
Uchinchi bosqich moslashish davri (Recovery) hisoblanib, hayot osonlashishni boshlaydi. Asta-sekin yangi muhitda o'zingizni qulay his qila boshlaysiz, ijtimoiy munosabatlaringizni kengaytirish va yangi g'oyalarni yaratish istagi paydo bo'ladi. Siz hozirgi hayotingizdagi vaziyatlar haqida tobora progressiv va obyektiv fikrlay boshlaysiz.
Nihoyat, to’rtinchi bosqichda siz haqiqatda orzu qilgan davrga yetasiz: yangi hayotingizni qabul qilasiz (Acceptance). Bu mamlakatda endi o'zingizni erkin his qilasiz va ushbu jamiyatga dahldorlik tuyg’usini his qila boshlaysiz. O’zingizning madaniy an'analaringizni saqlab qolgan holda yangi madaniyatning ayrim qismlarini qabul qilishni va hatto amalda qo'llashni boshlaysiz. Shuni ta'kidlash kerakki, ushbu so’nggi bosqichda “asal oyi” bosqichidagi kabi eyforiyani his qilmasligingiz mumkin, shuningdek, bu uzoq va barqarorroq davom etadi.
Umuman olganda, yangi madaniyatga ko’nikish bu qiyin jarayon, lekin bu yomon degani emas. Bu jarayonda sizning dunyoqarashingiz juda kengayadi, yangi jamiyatdagi hayot tajribasidan zavqlanasiz va eng muhimi, o’zingiz haqingizda ko’p narsalarni bilib olasiz.
Comments