Hikoyani ushbu rasmdagi juda chiroyli shaharchadan boshlasam. Oxford shaharchasi o'zida tarix go'zalliklarining birini namoyon eta oladigan, o'zidan minglab, millionlab yetuk olimlar, davlat leaderlari va dunyoda iz qoldirgan insonlarni chiqargan shaharcha. Qay sohani aytmaylikki, aynan o'sha sohada yangiliklar o'chog'i. Albatta, shahar haqida gapirganda Oxford Universiteti (University of Oxford) haqida aytib o'tmaslikning iloji yo'q. Times Higher Education Oxford Universitetini yillar davomida eng birinchi o'rinda e'tirof etib kelmoqda. Universitetni qo'shimcha tanishtirishga hojat ham yo'q (barchaga ma'lum).
Endi, men bu hikoyaga qanday kirib kelaman Shukurki, menga ushbu universitet oilasining bir a'zosi bo'lish nasib etdi. Hozirda Oxfordda Tibbiyotda Sun'iy Zako (Artificial Intelligence in Medicine) bo'yicha DPhil (doktorantura) qilmoqdaman.
Hikoyamning boshiga qaytadigan bo'lsak, asli Andijonda tug'ilib, boshlang'ich ilmlarni o'sha yerda olganman. 2015-yil Toshkentdagi Xalqaro Westminster Universitetida to'liq grant (scholarship) yutib, o'qishni boshlaganman. Kelajakda o'zimni qaysi sohada ko'ra olishimni oldindan bilar edim, va shuni hisobga olib, Biznes Axborot Tizimlari (Business Information Systems) fakultetiga qo'shildim. Bakalavr hayotim juda maroqli va hikoyalarga boy bo'lgan.
O'qishni muvaffaqiyatli (first class honors) tamomlab, magistratura qilish ilinjida turli xil o'qishlarga topshirishni rejalashtirdim. O'qishdan bir yillik dam olish va magistratura uchun yetarlicha tayyorgarlik ko'rish maqsadida ishqidira boshladim. Sohadan ham, joylashuvdan ham uzoqqa bormadim; o'zimizning Westminsterda Yordamchi Ilmiy Tadqiqotchi (Research Assistant) lavozimida bo'ldim. Yordamchi sifatida bo'lganim uchun ko'p ham hissa qo'sha olmagan bo'lsamda, birinchi marta ilmiy maqola yozishni tajribamdan o'tkazdim (maqolani o'qimoqchi bo'lsangiz).
Magistratura qilish uchun asosiy e'tiborni Amerika va Angliyaga qarayotgan bir vaqtimda, ikkala tarafga ham yo'llar yopila boshladi. Amerikadan bir nechta universitetlardan o'qish uchun takliflar qo'limda edi. COVID-19 sababidan u yerga borish rejalari o'zgarib, yo'limning keyingi qismi Abu Dabida davom etdi. MBZUAI (old tarafdan ko'rinishi) Yangigina ochilgan Mohamed bin Zayed University of Artificial Intelligence (MBZUAI) qabul xati bilan aloqaga chiqishdi. Ko'p o'ylantirgan qarorlarimdan biri bo'lgan edi. Tavakkal qilib, olg'a boraverdim (albatta, ular taklif etayotgan to'liq grant, oylik stipendiya va bir qancha moliyaviy va ijtimoiy afzalliklari o'ziga jalb etgan edi ham). U yerda Kompyuter Ko'rishi (Computer Vision) sohasida ilm oldim. Bu soha Sun'iy Zako soyaboni ostidagi sohalardan biri hisoblanadi. Magistratura hayoti juda yoqimli, foydali va esda qoladigan o'tdi, va ushbu
qarorni qilganimdan ko'nglim juda to'q edi. Ko'plab ilmiy maqolalar chop etdik, yutuqlarga
erishdik va o'zimizning kelajagimiz uchun zamin yarata oldik. O'qishimning yakuniga yaqin, Oxford hikoyamizga qo'shiladi.
Oxfordga birinchi marta 2022-yilning yoz boshida tashrif buyurdim. Visiting Fellow (tashrif
buyurayotgan tadqiqotchi) rolida yoz davomida o'z ilmiy amaliyotimni o'tkazdim. U yerdagi jamoaga qilgan ishlarim ma'qul kelgani sababli, Ilmiy Tadqiqotchi (Research Fellow) holatida ishimni onlayn davom ettirdim. Abu Dhabiga qaytib, magistraturamni muvaffaqiyatli tamomladim (CGPA 3.84). Qiziq bo'lsa, bitiruv marosimini to'liq holda ushbu YouTube havola orqali ko'rishingiz mumkin. Shu vaqt davomida, Oxfordga (va yana bir necha yuqori o'rindagi o'qishlarga) DPhil qilish uchun hujjatlarimni topshirdim.
Birga ishlab kelayotgan jamoamiz Tibbiyot Ilmlari (Medical Sciences) bo'limidan bo'lgani
uchun, ular o'sha bo'limga qo'shilishimni qo'llab-quvvatladilar. O'zim esa, Komputer Ilmi (Computer Science) bo'limi bilan bo'lishni xohlagan edim. Shu bilan, 2023 Kuz semesteri uchun ikkala fakultetga ham hujjat topshirdim va ikkalasidan ham qabul xatlarini oldim. Lekin, ikkisi ham hech qanday grant taklif qilmayotgan edi (ya'ni, to'liq pul to'lab o'qishimni so'rashayotgan edi). Biroz o'ylantiradigan holat. Bir necha grantlar uchun topshirilgan holatlardan raddiya ham olgan edik. Albatta, to'liq grant olish, o'qishga to'liq e'tiborni qaratishga imkoniyat yaratib beradi.
Funding qidirib, bir necha grantlarga urinib ko'rdik. Buning hikoyasi ikki xildagi to'liq grant va 2024 Qishki semestrga qoldirilgan o'qish bilan tamomlanadi. Grantlarning ikkisi ham nimalarni o'z ichiga olish jihatidan deyarli bir xil. Biri, O'zbekistondagi yuqori o'rindagi o'qishlarga kirganlar uchun davlat tomonidan ajratiladigan El-yurt Umidi Foundation (EYUF) bo'lsa, yana biri, noodatiy bo'lgan universitet va tashqi kompaniya birgalashib taklif qilayotgan grant edi. Bu "industrial funding" nomi bilan mashhur. Ikkisidan birini tanlash kerak edi... (Davomi bor)
Bu hikoyada xuddi barchasi xamirdan qil sug'urgandek ko'rinsa-da, aslida ortida juda ko'p
past-balandlarga, oq-qoralarga, yengil va og'ir kunlarga boy bo'lgan, deya olaman. Undan
tashqari, ortida juda ko'plab insonlarning mehnat-mashaqqatlari, yordamlari, yo'naltirishlari yotadi. Ularning bariga o'z minnatdorchiligimni izhor etgan holda, ushbu hikoyada nomma-nom sanab o'tmoqchi emasman. Alohida hikoya qilishga munosib.
Hurmat bilan, Ikboljon Sobirov
Oxford, UK
15 Jan 2024
@ikboljonsobirov
Rasmlar quyidagi havolalardan olingan:
https://twitter.com/GeoffDoesSums
https://en.wikipedia.org/wiki/Westminster_International_University_in_Tashkent
https://globalitfactory.com/clients/mohamed-bin-zayed-university-of-artificial-intelligence-mbzuai/
Comments