Magistraturani tugatgandan keyin Amerikada qolish yo'li bormi?


IU

Islom Urolov

July 2, 2024
post thumbnail

To'liqroq javob beradigan bo'lsam, o'qishni tugatganlaridan so’ng Amerikada qolishni istagan talabalar oldida, men bilishimcha, asosan, uch yo’l bo'ladi:

- birinchisi, yana universitetga (ikkinchi masters yoki PhD uchun) o'qishga kirib talabalik (F1) statusini saqlab qolish;

- ikkinchisi, OPT (optional practical training) statusga o'tish va undan so'ng ishchi (H1B) statusga o'tish;

- uchinchisi, o'qishni bitirgandan so'ng to'g'ridan-to'g'ri ishga kirib ishchi (H1B viza) statusiga o'tish.

Viza va status nima?

Amerikada viza va status tushunchalari alohida tushunchalar hisoblanadi. Viza bu mamlakatga kirish huquqi, status esa mamlakatda qonuniy mavjud bo'lib turish huquqi. Viza olish uchun sizga status kerak bo'ladi. Viza olib AQShga kirganingizdan keyin esa, vizangiz muddati tugasa ham, agar statusingiz mavjud (valid) bo'lsa, bemalol yashayverishingiz mumkin. Faqatgina AQShdan chiqib qaytib kirishda yana vizangizni yangilashingiz kerak bo'ladi.

Masalan, barcha xorijiy talabalar AQShga F1 viza turi bilan qonuniy kirish huquqini olishadi va AQSHga kelganlaridan keyin talaba statusida bo’lishadi. Viza muddati tugagandan keyin ham (O’zbekiston fuqarolariga AQSHga faqat bir yillik talabalik vizasi beriladi) o’qishda davom etishingiz mumkin.

OPT nima?

OPT (optional practical training) bu o’qishni bitirganlar ishga joylashishlaridan oldin o’z sohalarida malakalarini oshirishlari va o’zlari xohlagan ishni topib olishlari uchun talabalik (F1) va ishchi (H1B) statuslari o’rtasidagi oraliq muddat. AQShda universitetlarni bitirgan barcha xorijiy talabalar 12 oylik OPT muddati olishlari mumkin (agar o’zlarining davlatiga qaytish majburiyatlari bo’lmasa albatta). Agar olgan darajangiz STEM (Science, Technology, Engineering, Mathematics) yo’nalishlaridan birida bo’lsa, 12 oylik muddat tugaganidan so’ng siz yana 24 oylik qo’shimcha OPT muddat olishingiz mumkin. Bu OPT muddat davomida siz o’zingizni turli ishlarda sinab ko’rish uchun to’liq ishlash huquqiga ega bo’lasiz va sizga ishchi (H1B) viza bo’yicha homiylik qila oladigan ishni topganingizdan keyin OPTdan H1B vizaga o’tishingiz mumkin.

H1B ishchi viza bu noimmigratsion viza turi hisoblanib, AQShdagi ish beruvchilar xorijiy davlatlar fuqarolarini ularning bilim-ko’nikmalarini nazariy va amaliy qo’llashni talab qiladigan kasblar doirasida homiylikka olishlarini ko’zda tutadi. H1B viza muddati odatda 3-6 yil hisoblanib, bu davrda siz doimiy yashovchi (green card) statusiga hujjat topshirishingiz mumkin.

 

110

Comments