Diqqatingizni bir joyga jamlay olmaysizmi?
Yangi davrga kirishimiz bilan ma’lumot juda ko‘paydi va e’tiborni bir joyda saqlab turish qiyinlashdi. Bir ish qilish vaqtida doim chalg‘ituvchi narsalar bilan band bo‘lib, qilayotgan ishimizni unutamiz. Kitob o‘qish, dars qilish vaqtlari ham juda tez telefonga chalg‘iymiz.
Buning tub sabablarini o‘rganish va potensial yechimlar topish maqsadida Og‘irlangan Diqqat (Stolen Focus by Johann Hari) kitobi yozilgan. Ushbu kitobda keltirilgan sabablarni qisqa qilib yozib qoldiraman.
1. Tezlikni oshishi, almashtirish va filtrlash.
Bunda ma’lumotlarning kelish oqimi tezlashishi, ularni o‘qish uchun bir manbadan ikkinchisiga tezlik bilan sakrashimiz va ko‘pligi sabab filtr qilishda muammolarga uchrashimiz aytilgan.
2. "Oqimdagi holat"imizning falajlanishi.
Oqimdagi holat insonning biror ishiga sho‘ng‘ib ketib, mazza qilib ishlashi nazarda tutiladi, ya’ni "v zone" (zonada) bo‘lish. Bu insonning ishlashida juda foydali xususiyat bo‘lib, oxirgi vaqtlarda falaj holatga kelib qolgani ko‘zda tutilgan. Zonada bo‘lmaslik e’tiborni jamlab turishga to‘sqinlik qiladi.
3. Jismoniy va ruhiy charchoqning kuchayishi.
Ijtimoiy majburiyatlar (misol uchun yashash narxlari oshib borishi) sababli inson doimiy ishlamoqda va bu ham jismoniy, ham ruhiy charchoqqa olib kelmoqda. Bu esa diqqatni bir joyda saqlab turishda katta qiyinchilik yaratadi.
4. Barqaror o‘qishning qulashi.
Insonlar doimiy tarzda kitob/jurnal/gazeta o‘qimay qo‘yishi e’tiborsizlikka olib keladi. O‘qiganni chuqur anglash insonning murakkab tahlil qila olish qobiliyatini, tasavvur qilish qobiliyatini, tanqidiy fikrlashni kuchaytiradi. O‘qimaslik esa diqqatni davomiy bo‘lishiga zarar yetkazadi.
5. Tabiiy xayolparastlikning buzilishi.
Aql tabiiy holda xayolparastlik qilishi, ya’ni o‘zi xohlagan holda turli xil narsalarni o‘ylashi foydali holat va bunda miya dam oladi. Misol uchun, shower thought (dushda muammolarga yechim topa olishlik) aynan tabiiy xayol surishdan kelib chiqadi. Raqamli texnologiyalar esa uning buzilishiga olib kelmoqda.
6. Sizni kuzatish va boshqarish mumkin bo‘lgan texnologiyalarning ko‘payishi.
Hozirgi texnologiyalar sizni doimiy kuzatib, sizning onlayn profilingizni yaratib oladi va xulq-atvoringizni xohlagan tarzda boshqara oladi. Kuchaytirishli o‘rganish mavzusi ham shu yerda ularga foyda beradi. Bu esa sizning xayollaringizni fragmentlarga (bo‘laklarga) bo‘linib ketishiga olib keladi.
7. Shafqatsiz optimizmning oshib borishi.
Shafqatsiz optimizm bu zararga olib keladigan optimistik maqsadga intilish. Bunda bir muammoga yechim qilamiz deb, aksincha bir dunyo boshqa muammolarni keltirib chiqaramiz. Kompaniyalarning yolg‘on va’dalari (misol uchun, time management ilovalari, produktivlikni oshirish uchun ilovalar) insonga yechim bergandek bo‘lsa-da, erishib bo‘lmas maqsadlarga yoki asl maqsadning aksiga xizmat qiluvchi qurollar. Expectation vs Reality sizni hech qanday yutuqqa erishmagandek his qilishga olib borishi mumkin. Bu esa asl muammolardan chalg‘itish murakkab ijtimoiy muammolarga olib bormoqda.
8. Stressning oshishi va bedorlikni keltirib chiqarishi.
Xronik (ya’ni doimiy) stress bedorlikni yoki boshqacha qilib aytganda o‘ta hushyor bo‘lishni keltirib chiqarmoqda. Bunda miyangiz doimiy vahima holatida bo‘ladi va fight-or-flight (urush yoki qochish) holatiga tushib qoladi. Bu holat esa e’tiborni fragmentatsiyasiga (bo‘laklanishiga) olib keladi.
9. Yomonlashib borayotgan diyeta.
Zararli ovqatlarning miyaga ta’siri haqida yetarlicha ilmiy ishlar qilingan. Tabiiy bo‘lmagan va protsess qilingan ovqatlar inson sog‘lig‘iga katta ta’sir o‘tkazadi va miyaning faol ishlamasligiga olib boradi.
10. Kuchayib borayotgan ifloslanish.
Suv va havoning ifloslanishi ham miyaning ishlashiga (ayniqsa yosh bolalarda) ta’sir o‘tkazadi. Zaharli moddalarning rivojlanayotgan miyaga uzoq yillik nevrologik ta’siri bor. Yoshi katta insonlardagi neyrodegenerativ kasalliklarga ham sababchilardan biri bu ifloslanish.
11. ADHD kasalligining oshib borishi.
ADHD (diqqat yetishmovchiligi giperaktivlik buzilishi) yosh avlodda juda ko‘p uchramoqda. Bunga ta’lim tizimidagi o‘rnatilgan talablar, kam harakatli bo‘lish, ko‘p ekran tomosha qilish kabilar sabab bo‘lmoqda. Standartlashtirilgan testlar (IELTS, SAT), darsda doimiy qimirlamay o‘tirishga talablar, ko‘chaga chiqib, aktiv bo‘lmaslik kabilar misol bo‘ladi. Bu ADHD’ning rivojlanishiga hissa qo‘shmoqda.
12. Farzandlarimizni jismoniy va psixologik jihatdan qamoqqa olish
Yoshlarning tabiat bilan uzilib qolishi, doimiy uy ichida bo‘lishi, kam harakatli bo‘lishi jismoniy "qamoq" holatini ta’minlab bersa, oshiqcha qo‘shimchalar (akademik, ijtimoiy, v.h.k), boshqalardan yaxshiroq bo‘lish talabi, standartlashtirilgan testlar va darslarda o‘ta tartibli bo‘lishga talablar psixologik jihatdan qamoqqa olish desa bo‘ladi. Bu muammolar insonni erkin va ijodiy fikrlashdan to‘sadi, harakatsiz va robotlashtirish holatiga olib keladi. Qiziqishi yo‘q bo‘lgan narsalar esa e’tiborni susayishiga olib boradi.
“I tried to live but I got distracted” - "Men yashashga harakat qildim, ammo chalg‘ib qoldim".
Comments