Men o’qishga topshirish uchun universitetlarni qidirganimda uchta asosiy jihatga e’tibor bergandim:
1) Menga kerakli yo’nalish bu universitetda bormi.
Masalan, ko’p universitetlarda men qidirgan iqtisodiyot bo’yicha magistratura dasturi yo’q edi, yoki men xohlagandek emas edi. Buni aniqlash uchun ixtiyoriy bir ro’yxat (masalan, US News ranking) asosida har bir universitet saytiga kirib Graduate Programs bo’limi qarab chiqish kerak. Sizga kerak yo’nalish yo’q bo’lsa keyingi universitet saytiga o’tasiz, agar yo’nalishingizni topsangiz, hujjat topshirish uchun oxirigi muddat (deadline) qachonligini qidirish kerak. Agar deadlinegacha yetarlicha vaqt bo'lsa, unda ikkinchi muhim jihatni qidirishga o’tasiz.
2) Bu universitet men topshiradigan dasturga grant ajratadimi va qancha ajratadi.
Deyarli hamma universitetlar saytida moliyaviy yordam )(Financial Aid) degan joyi bor va shu joyi juda muhim. Men Amerikada kontraktda o’qiyolmasligimni bilganim uchun faqat grant beradigan dasturlarni qidirardim. Amerikada ko’p universitetlarning o’z grant dasturlari yoki talabalarga moliyaviy yordam fondlari bo’ladi. Bular hamma universitetda har xil yo’nalishlar va dasturlar bo’yicha turlicha taqsimlanadi. Shuning uchun aynan siz topshirmoqchi bo’lgan dastur uchun qancha grant ajratilishiga e’tibor berish kerak. Masalan, bir universitetda faqat iqtisodiyot bo’yicha Graduate programda grant yo’qligini deyarli hamma hujjatlarimni topshirib bo’lganimdan keyin bilganman, va application fee to’lamaganman. Xullas, agar sizga kerak yo’nalish bo’yicha grant beradigan dasturni topsangiz, uchinchi jihatga e’tibor berish kerak.
3) Men bu dasturga topshira olamanmi?
Barcha dasturlarga topshirish uchun maxsus talablari bo’ladi, shu joyiga yaxshilab e’tibor berish kerak. Chunki bu minimal talablarga mos bo’lmasangiz hujjatlaringiz oxirigacha ko’rib chiqilmaydi. Ya’ni sizdagi IELTS/TOEFL sertifikati, GRE/GMAT ballari, bakalavrda olgan o’rtacha bahoyingiz, ba’zi hollarda ish tajribasi dastur tomonidan qo’yilgan minimal talablarga javob bermasa darhol boshqa universitetni qarashga o’tish kerak.
Ba’zilardan shunday savolni eshitdim: “Agar menda GRE ballim juda yuqori bo’lsa-yu, IELTS ballim minimal talabdan ozgina past bo’lsa, universitetlar GREning o’zini IELTS o’rnida qabul qilishadimi?”. Boshqa davlatlarda aniq qandayligini bilmadim-ku, lekin Amerikada bunday qilishmaydi. Har bir kriteriyalar bo’yicha minimumlarga javob bermasangiz, hujjatingiz birinchi bosqichning o’zidan (screening) o’tmaydi.
Mana shu uch bosqichning barchasidan o’tsangiz keyin hujjatlarni topshirishga kirishish mumkin.
Bu yo’l mening tajribam xolos. Ko’pchilik mana shu oddiy ishni bilmay yoki bilsa ham erinib, o’qishga topshirishga yordam beradigan konsalting firmalarga murojaat qiladi. Bunda yuqoridagi ishlarni firmalar siz uchun pulga qilib beradi. Lekin hech qaysi konsalting firma siz uchun siz o’zingizga harakat qilganchalik harakat qilmaydi. To’g’ri, o’zingiz hammasini qilsangiz juda ko’p vaqt talab etadi, lekin bu o’zingiz xohlagan natijaga yetishning menimcha yagona ishonchli yo’li.
Comments